Tasavvur qiling: siz endi uyqidan turdingiz, lekin kun boshidanoq teskari ketyapti. Nonushta kuyib ketdi, ko‘ylagingiz hali qurimagan, ustiga-ustak rahbaringizdan qo‘ng‘iroq keldi: «Kechir, qisqartirish boʻlyapti». Va aynan shu paytda telefoningizni tasodifan balkondan to‘ppa-to‘g‘ri asfaltga tushirib yubordingiz. Voqealarning tezligidan boshingiz qotadi va miyangizda bitta savol aylanadi: pulni qayerdan tezda topsam bo‘ladi? Albatta, kredit karta! Ammo ishim yo‘q bo‘lsa, uni berishadimi? Keling, aniqlashtiramiz.
Faqat pasport bilan kredit karta olish mumkinmi?
Mumkin. Ammo bu har doim bankning siyosati va sizning ma’lumotlaringizga bog‘liq. Masalan, sizda O‘zbekiston fuqaroligi bo‘lishi va yoshingiz 18 dan 70 gacha bo‘lishi kerak. Ba’zan bank faoliyat yuritayotgan hududda propiskangiz ham bo‘lishi ham talab qilinadi. Yana bir muhim narsa — kredit tarixingiz ijobiy bo‘lishi kerak.
Agar ilgari kredit kartadan foydalangan yoki texnika xaridini bo‘lib to‘lagan bo‘lsangiz va barcha to‘lovlarni vaqtida amalga oshirgan bo‘lsangiz — bu katta ustunlik. Rasmiy ish joyingiz boʻlmasa ham, bu holat sizning foydangizga ishlaydi.

Banklar ish joyisiz mijozning toʻlash qobiliyatini qanday tekshiradi?
Banklar sehrgar emas, biroq ortiqcha byurokrat ham emaslar. Ular mijozlarni faqat mehnat daftarchasi asosida emas, balki moliyaviy xatti-harakatlari orqali ham baholay olishadi. Masalan: hisobingizda pul bor-yo‘qligi, kartadagi tranzaksiyalar, avtomobil yoki ko‘chmas mulk mavjudligi. Yana bir asosiy mezon — kredit tarixidir.








