Tasavvur qiling, sizda jamg‘arma bor. Masalan, 1 mln so‘m. Uni ko‘paytirish uchun bankka qo‘yasiz. Bir oy o‘tib bank sizni xursand qilib foiz beradi. Endi bank bu foizni cho‘ntagingizga emas, omonatga qo‘yishini tasavvur qiling. Keyingi oy bank foizni endi 1 mln dan emas, avvalgi foizlar ham qo‘shilgan yangi summadan hisoblaydi. Ya’ni pulingiz o‘z-o‘zidan ko‘paya boshlaydi.
Foizlar kapitalizatsiyasi aynan shunday ishlaydi.
Kapitalizatsiya nima
Odatda omonat ochganingizda bank sizga, masalan, yiliga 10% stavkani va’da qiladi. Odatiy ssenariy bo‘yicha foizlar muddat oxirida hisoblanadi — bank sizga pulingizni unga 10% qo‘shib qaytaradi.
Kapitalizatsiyada esa mexanizm biroz qiyinrog‘-u, lekin foydaliroq: bank foizni nafaqat qo‘ygan summangizga, balki avval hisoblangan foizlarga ham qo‘shib hisoblaydi. Ya’ni pul «foizga foiz» formulasi bo‘yicha o‘sadi.
Nima uchun bu foydaliroq
Asosiy afzalligi — oddiy omonatga nisbatan ko‘proq daromad olish imkoniyati. Shartnoma shartlariga ko‘ra kapitalizatsiya har oy yoki har chorakda amalga oshishi mumkin. Qanchalik ko‘p amalga oshsa, shunchalik ko‘p foyda olasiz.











