Plastik paket xuddi ryukzakning bir chetida qolib ketgan plastik qoshiqdek: kichkina va xalaqit bermaydigan ko‘rinsa-da, har safar xijolat qiladi. Ayniqsa, u juda uzoq, yillar, asrlar, nafaqaga chiqquningizgacha, itingiz nafaqaga chiqqunigacha, chiqindi poligonlari intervyu bera boshlaydigan paytgacha – sayyoramizda uzoq vaqt qolishini tushunganingizda.
Lekin ortiqcha vahima qilmaylik. Keling, kim haqligini aniqlaymiz — shoperlar muxlislarimi yoki eski ishonchli polietilen romantikasi tarafdorlarimi. Spoyler: haqiqat kassa bilan chiqindi chelagi orasida yashiringan.
Uyingizda qancha paket borligini bir eslang
Hayotingizda bir marta bo‘lsa ham: «Paketni tashlab yubormang, kerak bo‘ladi», degan bo‘lsangiz, tabriklaymiz. Siz ulug‘ plastik to‘plovchilar klubi a’zosisiz. Rakovinangiz ostidagi javon madaniy meros sifatida tan olinishga juda yaqin. Undagi har bir paket qachondir «har extimolga qarshi» degan niyatda sotib olingan, endi esa zirhli poyezddagi askar kabi o‘z soatini kutyapti.
Lekin, o‘sha soat keladimi? Yoki yupqa, yopishqoq sellofan uyumiga aylanib ketgunicha shunday yotaveradimi?

Paket vs. shoper: kim ko‘proq yashaydi?
Plastik paketning kuchli tomoni shundaki, u ishlatishga har doim tayyor. Tez sotib olinadi, oson yig‘iladi, xarid qilish uchun ham, chiqindi uchun ham, tarvuz, poyabzal va sirlarni tashish uchun ham yaraydi. Ayniqsa, supermarketdan olingan paketlar qanchalik g‘alati eshitilsa ham, ba’zi do‘stlardan ishonchliroq bo‘lib chiqadi.












