Agar sizda bank kartasi bo‘lsa — ehtimol, hozir ham bor, — demak, emitent bankingiz ham mavjud. Bu sizga debet yoki kredit kartasini bergan bank bo‘lib, u kartangizning soatdek aniq ishlashini ta’minlash uchun javobgardir. U to‘lovlarni tasdiqlaydi, tranzaksiyalar xavfsizligini nazorat qiladi, xarajatlarni kuzatish mumkin bo‘lgan ilovalarni yangilaydi va biror muammo yuzaga kelganda, kartani bloklaydi.
Soddaroq aytganda, emitent — bu kartangizni yaratgan, uning raqami va amal qilish muddatini belgilagan, CVV kodini tayinlagan hamda sizga naqd pulsiz dunyoga kirish imkonini bergan bank. Endi esa u karta uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.
Emitent bank aynan nima bilan shug‘ullanadi?
Aytaylik, qahva sotib olishga qaror qildingiz va telefon orqali to‘lov qilmoqchisiz. Shu vaqtda emitent bank hisobingizda yetarli mablag‘ borligini, kartangiz bilan hamma narsa joyidaligini tekshiradi va shundagina pul yechishga ruxsat beradi. Agar hammasi joyida bo‘lsa, qahva sizniki. Aks holda, to‘lov rad etiladi. Bularning barchasi bir soniyada sodir bo‘ladi.
Bundan tashqari, emitent bank elektron hamyonlarni chiqaradi, sizni xalqaro to‘lov tizimlariga (masalan, Mastercard yoki Visa) ulaydi, ma’lumotlarni shifrlaydi, ilovani yangilaydi va moliyaviy xavfsizligingizni ta’minlaydi.

2025-yilda O‘zbekistonda emitent banklar qanday ishlaydi?
Birinchidan, naqd pulsiz hisob-kitoblar kundan kunga rivojlanib bormoqda. Deyarli hammada bank kartasi bor va bu bilan hech kimni lol qoldirib bo‘lmaydi — hatto bozorda ham telefon orqali to‘lov qilish mumkin bo‘lib qoldi.








