Tasavvur qiling: kir yuvish mashinangiz tasodifan ishdan chiqdi. Yoki davolanish uchun hoziroq pul kerak, lekin maoshgacha hali 1 hafta bor. Yoki shunchaki muhim bir masalani hal qilish uchun 2 mln soʻm yetmayapti. Bunday vaziyatlarda koʻpchilik imkon qadar tezroq va ortiqcha ovoragarchiliksiz pul topish yoʻlini izlaydi.
Shunday holatda eng qulay yechimlardan biri — qarz olish. U kreditdan koʻra tezroq va osonroq rasmiylashtiriladi, va ortiqcha hujjatlar talab qilmaydi. Ammo, keling, birinchi qarz aslida nima ekanligini, qanday ishlashini va qanday xavflardan ehtiyot boʻlish kerakligini bosqichma-bosqich tushunamiz.
Qarz: bu oʻzi nima?
Qisqacha aytganda, qarz — bu biror shaxs yoki tashkilot sizga ma’lum muddatga pul (yoki baʼzan tovar) berishi. Siz uni belgilangan vaqtda toʻliq qaytarishingiz shart. Ba’zida foiz bilan, ba’zida foizsiz — bu shartnomaga bogʻliq.
Masalan, doʻstingizdan oy oxirigacha 1 mln soʻm qarz oldingiz. Ogʻzaki kelishuv boʻlsa-da, bu ham qarz hisoblanadi. Agar pulni bank yoki mikromoliya tashkilotidan olsangiz, rasmiy shartnoma tuziladi — unda foiz stavkasi, toʻlov muddati va boshqa majburiyatlar aniq koʻrsatiladi.
Pul beruvchi tomon — kreditor (yaʼni qarz beruvchi) deb hisoblanadi. Bu bank, MMT, tanish yoki qarindosh boʻlishi mumkin. Olayotgan tomon esa — qarzdor (yaʼni qarz oluvchi) deb ataladi. Tamoyil oddiy: biri — mablagʻ bilan, ikkinchisi — ehtiyoj va qaytarish majburiyati bilan.
Qarzdor shartnoma shartlariga koʻra asosiy summani va foizlarni belgilangan muddatda qaytarishi shart. Kreditor esa, oʻz navbatida, qarz berish shartlarini aniq va tushunarli tarzda bayon qilishi kerak. «Oʻzing tushunib olarsan» — bunday boʻlmaydi. Hammasi yozma ravishda va shaffof boʻlishi kerak.










