Ismim Vazira, 28 yoshdaman va 5 yoshli qizning onasiman. Qizaloq bo‘lganimda har doim va hamma joyda ulguradigan super ayol bo‘lishimga ishonardim. Biroq hayot o‘z qoidalarini o‘rnatib, ish diqqat talab qilganda, enaga nafaqat zarurat, balki deyarli yagona yechimga aylanishi mumkin ekan.
O‘z tajribam va izlanishlarim haqida so‘zlab beraman, boshqa onalarning fikrlari bilan o‘rtoqlashaman va 2024-yil uchun dolzarb bo‘lgan haqiqiy raqamlarni keltiraman. Ogohlantiraman: enaga menga juda qimmatga tushadi.
Mutaxassisligim — jurnalist, shu sohada ishlayman. 4 yildan beri qizimga enaga yollayman. Buning sababi — xususiy va davlat bog‘chalari doim ishda ushlanib qoladiganlar uchun eng yaxshi tanlov emas, buvi va bobolar esa har doim ham bolaga qaray olmaydilar.
Ilgari onalarimiz enagalarni faqat tanish-bilishlar orqali, umumiy tavsiyalar asosida qidirishardi. Hozir enaga topish ancha osonlashdi. Men ham eng oddiy yo‘l — ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali izlashga qaror qildim. Tavsiyalar asosida qidirish hali ham mavjud, lekin odatda og‘zaki tarqalgan ma’lumotlar orqali enagalar «issiq nonday tarqab ketadi».

Ijtimoiy tarmoqlar yordami
Men Facebook'dagi SUPERMAMA.UZ guruhi orqali enaga topishga muvaffaq bo‘ldim. U yerdagi e’lonlar, aslida, tanlash uchun yetarli darajada ko‘p edi. Tanlangan nomzod haqida ham ko‘plab ijobiy fikrlar bor edi, biroq bir nozik jihati bor: u faqat o‘z uyida bolalarga qaraydi. Yaxshiyamki, u menga yaqin joyda yashaydi, aks holda hamyonim ko‘z ochib yumguncha bo‘shab qolardi.










