Yaqinda men uy ijarasi haqini to‘lashim kerak edi. Pulni maydalash uchun bankka bordim, so‘ng uy egasining oldiga kirdim. U kutilmaganda bundan buyon faqat yangi dollarlar olib kelishga harakat qilishimni so‘radi. Bu meni hayron qoldirdi — axir dollar dollar-ku. Ammo chuqurroq o‘rganganim sayin, eski va yangi kupyuralar o‘rtasida farq borligini angladim. Qiziq tomoni shundaki, ba’zi mamlakatlarda bu farq hatto valyuta ayirboshlash kursiga ham ta’sir qilishi mumkin ekan.
Nima uchun kupyuralar dizayni o‘zgartiriladi?
Hozirda muomalada 1, 2, 5, 10, 20, 50 va 100 dollarlik kupyuralar mavjud. Ularning dizayni vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi.
So‘nggi yangilanish to‘lqini 2000–2010-yillarda bo‘lib o‘tgan, ayniqsa, 100 dollarlik kupyura sezilarli darajada o‘zgardi. U ko‘kimtir tusga kirdi, himoya tasmasi va turli murakkab suv belgilariga ega bo‘ldi. Qiziq joyi shundaki, 1 va 2 dollarlik kupyuralar 40 yil avvalgidek qoldi. Ularga negadir hech kim tegmaydi, chamasi, ularni qalbakilashtirish unchalik foydali emas.Umuman olganda, g‘oya oddiy: kupyura qanchalik yangi bo‘lsa, qalbakilashtirishdan himoyasi shunchalik kuchli bo‘ladi. Soxta dollarlar AQSH moliya tizimiga tahdid solsa-da, Amerika hukumatining o‘zi ham katta miqdorda pul bosib chiqarishdan tortinmayapti. Shunga qaramay, hukumat qalbakilashtirish tufayli qo‘shimcha xavf-xatarlarga yo‘l qo‘ymaslikdan manfaatdor, shu bois banknotalar dizaynini muntazam ravishda yangilab boradi.










