Xo’sh, karta ma’lumotlarimni feyk saytga kiritganliginmi ilg’aganim zahotiyoq, qanday chora ko’rdim? Birinchi qilgan ishim bank mobil ilovasiga (mening vaziyatimda, bu — AVO bank) kirdim va kartamni blokladim. Baxtimga, bu bir necha soniyada hal bo’ldi.
Keyin, bankning aloqa markaziga qo’ng’iroq qilib, pul o’tkazmasini bekor qilish va yangi plastik karta chiqarib berishlarini iltimos qildim. Yangi kartani rasmiylashtirish juda oson kechdi. Undan tashqari, AVO xodimlari keyinchalik mablag'larimni qanday himoya qilishim kerakligini batafsil tushuntirishdi. Bu uchun ularga alohida rahmat!
Karta tezda blokka tushirildi, shuning uchun undan faqat o'sha saytda ko’rsatilgan chiptalar summasigina yechildi. Ammo, bu militsiya xodimlariga murojaat qilishim va firibgarlik to’g’risida ariza qoldirishimga hech qanday mo’nelik qilmadi.
2024-yilda O‘zbekistondagi TOP-3 ta firibgarlik sxemalari
«Qiyofadosh» saytlar sxemasi juda mashhur, ammo fishingning boshqa, keng tarqalgan turlari ham mavjud. Keling, misollarda ko’rib chiqamiz.
«Bank xodimi» qo‘ng‘irog‘i
Bu firibgarlikning taniqli turlaridan biri. Karta ma’lumotlarini qo’lga kiritish ilinjida «bank xavfsizlik xizmati» dan qo’ng’iroq qilishadi.

Soxta bank xodimi karta ma’lumotlari yoki SMS orqali kelgan kodni zudlik bilan aytishingiz kerak bo'lgan sabablarni sanab o'tadi: hisobingizda shubhali operatsiyalarni payqaganlari va kartani blokga tushirishni taklif qiladi, yangi ilovani yuklab olish yoki SMS dagi havola orqali o’tishingizni so'raydi.
Qo’ng’iroq qiluvchining iddaolari qanchalik haqiqatdek yangramasin, bir narsani yodda tutish MUHIM — haqiqiy bank xodimi HECH QACHON karta ma’lumotlaringizni so’ramaydi, hattoki, uni bloklash kerak bo’lsa ham.
Yaxshisi, quyidagi taktikani qo'llang: ortiqcha savollarsiz go‘shakni qo‘ying (ha, shunaqa qilsa bo‘ladi) va bankning rasmiy raqamiga qo‘ng‘iroq qiling. Agar haqiqiy bank xodimi qo‘ng‘iroq qilgan bo'lsa ham, — ehtiyotkorligingiz uchun maqtovga sazovor bo‘lasiz. Asosiysi esa, pullaringizni yo‘qotmaysiz!
Yaqin insoningiz og‘ir holatda
Hiylagarlar huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilib, qurbonlarga ularning qarindoshlari yo‘l transport hodisasi yoki qo‘lga olinganligi haqida xabar berishadi. Keyin muammoni «yechish» bahonasida pul talab qilishadi.
Bunday holatda sarosimaga tushmasdan, suhbatni to‘xtating va o'sha qarindoshingiz bilan bog‘laning.
SMS va messendjerlardagi havolalar
Firibgarlikning yana bir keng tarqalgan turi — «smishing» (inglizchadan SMS va fishing) yoki, sodda qilib aytganda, matnli xabarlar orqali tovlamachilik.

To‘satdan «yutuqqa» ega bo‘lish yoki jarima haqida SMS olish, buning hammasi — smishing. Bundan tashqari soxta bankdan kelgan turli xabarlar ham shular jumlasidandir: «hoziroq havola orqali o‘ting / ilovani yuklab oling / ma’lumotlaringizni kiriting» va h.k. Ushbu havolalar fishing saytlariga olib boradi yoki telefoningizga virus yuboradi.
Bunday xabarlar odatda tunda yoki erta tongda, siz uyqudan hali uyg‘onmagan va vaziyatga yetarlicha baho berolmaydigan vaqtda yuboriladi. Shuning uchun, SMS qanchalik ishonarli ko‘rinmasin, havola orqali o‘tmang, shaxsiy ma’lumotlaringizni hech kimga aytmang va «oson pullar» haqidagi va’dalarga ishonmang.
O‘zingiz va yaqinlaringizni qanday himoya qilishingiz mumkin
- Shaxsiy va karta ma’lumotlaringizni (CVC/CVV, kartaning amal qilish muddati, SMS orqali kelgan kodlar) hech kimga oshkor qilmang.
- Tovar yoki xizmat uchun to‘lov qilishdan oldin saytning nomini yaxshilab tekshiring. Himoyalangan sayt «HTTP» emas, balki «HTTPS» bilan boshlanadi va unda yopiq qulf belgisi bo'ladi.
- Havolaga ega bo‘lgan har qanday SMS-xabarlardan ehtiyot bo’ling. Ijtimoiy tarmoqlar va ilovalardagi havolalar orqali o’tmang. Buning o‘rniga, o'zingiz rasmiy saytga kirib, uni «Xatcho‘plar» bo‘limida saqlang.
- Firibgarlar qo‘llaydigan usullar haqida keksa qarindoshlaringizni ham ogohlantiring. Birovga pul o‘tkazishdan oldin sizga yoki bankka qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘rang.
- Ikki bosqichli kirish tizimidan foydalaning.
- Banklar / tashkilotlar bilan faqatgina rasmiy raqamlar orqali bo‘g‘laning.
- Ishonchli to‘lov tizimlaridan hamda firibgarlardan himoyalangan bank kartalaridan foydalaning.
- Kelib tushayotgan va hisobongizdan yechib olinayotgan mablag‘larni osongina kuzatib turish uchun SMS-xabarnoma xizmatini ulang.
- Kunlik xarajatlar uchun alohida karta tuting va karta bo'yicha operatsiyalarga sutkalik cheklov o‘rnating.
Jinoyatchilar har yili aldovning yangicha usullarini o‘ylab topishadi. Zamonaviy tuzoqlardan xabardor bo‘lish uchun yangiliklarni kuzatib boring. Yodda tuting, xabardorlik — tovlamachilarga qarshi kurashda asosiy qurolingiz.