Bu voqea o‘tgan yilning bahorida bo‘lgan. Ishdan charchab uyga qaytayotgandim, shunchalik holdan toygan edimki, atrofim qorong‘ilashayotganini ham sezmay qolgandim. Quloqchinlarimda musiqa yangrab turardi, xayolimda esa og‘ir ish kunidan keyin ozgina bo‘lsa ham dam olish uchun qanday film tanlash haqida o‘ylardim. Soat 19:30 larda telefonim jiringlamaguncha hammasi odatdagidek edi. Telefonga qaradim –– notanish raqam. Yana qandaydir ish taklifi bilan qo‘ng‘iroq qilishayotgandir-da, deb o‘yladim. Bu qo‘ng‘iroqlar men uchun oddiy holga aylanib qolgandi: bo‘sh ish o‘rinlari, kreditlar, reklama xabarlari –– har kuni nimadir taklif qilishadi... Hech qanday g‘alati narsani sezmadim.
📞 Firibgar bilan birinchi suhbat
— Assalomu alaykum, «To‘la-Qo‘ng‘iroq qil» uyali aloqa kompaniyasidan qo‘ng‘iroq qilyapman. Shartnomangiz muddati tugaganini aytmoqchi edim. Uni uzaytirish uchun sizga SMS yuborishim kerak. Kod kelganida, uni menga aytib yuborsangiz, obunangizni yangilab beraman. Bu ko‘p vaqtingizni olmaydi.
U shunchalik xushmuomala va chiroyli gapirardiki, menda hech qanday shubha uyg‘otmadi. Hammasi odatiy holdek tuyuldi, uning ishonch va xotirjamlik bilan gapirishi shubhaga o‘rin qoldirmadi. U yana kodni 6100 raqamiga yuborishini aytdi va men, albatta, bu raqam Uztelecom’ga tegishli ekanligini bilardim.
Ular mening shartnomam tugayotganini qayerdan bilishadi? Umuman, kechqurun soat 8 da kim bunday narsalarga e’tibor beradi? Lekin uning muomalasi shunchalik professional ediki, men «Hammasi shunchalik oddiy bo‘lsa va ismimni bilishsa, rostdan ham ular bo‘lsa kerak», deb o‘yladim. Uzoq o‘ylab o‘tirmasdan va buning tagidan nimadir chiqishini tushunmasdan: «Mayli», dedim.
Bir necha soniyadan keyin 1 martalik kodli SMS keldi. Hech ikkilanmay, uni aytib yubordim.
Go‘shakni qo‘ydim, lekin ichim g‘ash edi. G‘alati edi. Lekin tashvishlanmaslikka qaror qildim.




