To‘g‘risini aytganda, 145% lik bojxona to‘lovlari va «Dunyo savdo halokati yoqasida» kabi sarlavhalarni o‘qiganingizda, dastlab sahifani yopib qo‘ygingiz keladi. Bu voqealar qayerdadir uzoqda, «titanlar jangi» darajasida va bizga daxli yo‘qdek tuyuladi.
Lekin aslida bunday emas. Chunki siz Xitoy bilan savdo qilmasangiz ham, Kaliforniyaga pomidor eksport qilishni rejalashtirmasangiz ham, bu urush supermarketdagi narxlarga, kreditga olinadigan texnikaga va ayirboshlash shoxobchalaridagi so‘m kursiga ta’sir qiladi. Keling, dunyoda savdo sohasida nimalar bo‘layotganini va buning O‘zbekiston uchun qanday ahamiyatga ega ekanligini oddiy tilda tushuntirib beramiz.
Bojxona urushi: aslida gap nima haqida?
AQSh va Xitoy 2018-yildan beri savdo orqali bir-biriga o‘z kuchini namoyish qilmoqda. 2025-yilda vaziyat yana keskinlashdi: Amerika Xitoy tovarlariga 145% lik boj joriy qildi, Xitoy esa bunga javoban Amerika tovarlariga 125% lik boj qo‘ydi. Ya’ni, «salomga yarasha alik» qabilida. Biroq bu bolalar janjali emas, balki bizga o‘xshagan oddiy tomoshabinlar ham jabr ko‘radigan jang.
📌 The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, bu «iqtisodiy o‘zaro bo‘g‘ish» bo‘lib, global inqirozga olib kelishi mumkin.




