Ish qidirishni boshlasangiz, tajribangizni baholash va qanchalik zo’r mutaxassis ekanligingizni bilish uchun ish beruvchi albatta rezyumengizni so’raydi. Rezyume qancha zo’r bo’lsa, ishga taklif olish imkoniyatingiz shuncha oshib boradi. Kredit tarixi ham xuddi shunday. U qarzlaringizni qanchalik eplashingiz, hisob-kitoblarni vaqtida qilishingiz va moliyaviy masalalarda qanchalik mas’uliyatli ekanligingizni ko’rsatadi.
Bank kredit tarixini qanday baholaydi?
To’lovlar tarixi. Qarzlaringizni o’z vaqtida uzyapsizmi-yo’qmi, buni bilish banklar uchun juda muhim. Keling, misol orqali osonroq tushuntiramiz: Hasan va Husan bir vaqtda kredit olishdi. Hasan kreditini oyma-oy o’z vaqtida to’lab bordi va yil oxirigacha uni to’liq qopladi. Husan esa, aksincha, xarajatlarini boshqara olmay, to’lovlarga kechikkanligi uchun bankdan yana foiz va jarimalar ham oldi. Keyingi safar kredit olish uchun kelishganda bank Hasanga shu zaxotiyoq kredit ajratdi, Husan esa pulsiz qoldi. Bu misol yaxshi kredit tarixini tuzish va kelajakda yangi kreditlar olishda muammolarga duch kelmaslik uchun qarzlarni vaqtida to’lashning qanchalik muhimligini ko’rsatib beradi.
Kredit tarixining davomiyligi. Kreditlar bilan qancha yaqin tanish bo’lsangiz, kredit tarixingiz uchun shuncha yaxshi. Aytaylik, siz oxirgi 5 yil davomida kreditlaringizni kechiktirmay to’lab kelyapsiz. Sizning moliyaviy obro’ingiz va shu bilan birga yangi kredit olish imkoniyatingiz ham oshib boradi. Kredit tarixingizning uzoq muddati bankka pullaringizni nazorat qila olishingizni ko’rsatadi.
Kredit olishga yangi arizalar. Kredit olishga arizalaringiz soni doim bankning e’tibor markazida. Tasavvur qiling, siz doim do’stlaringizdan qarzga pul so’raysiz. Avvaliga ular sizga yordam berishsa ham, bir kun kelib xavotirga tushishni boshlaydilar: qarzni qaytara olasizmi? nimaga sizga doim pul kerak?



