O‘zbekistonda chilla — shunchaki jazirama havo emas. Bu tana, asablar va, albatta, hamyon uchun chinakam sinov. Yoz qizigan paytda asfalt erib ketgudek bo‘ladi, konditsioner to‘xtovsiz ishlaydi, och bo‘lmasangiz ham, tobora holsizlanib borasiz. Aynan shu paytda qanchalik issiq bo‘lmasin, tanani to‘g‘ri oziqlantrish kerakligini yodda tutish shart. Ovqatlanmasangiz, tez orada holsizlik, bosh og‘rig‘i va uyqusiz tunlar bilan yuzma-yuz kelasiz.
Buning ustiga, chilla go‘yo bizdan pul so‘rib olish uchun yaratilgandek: 60 ming so‘mlik tarvuz, har burchakda muzdak ichimliklar, uyda ovqat pishirish issiqlik qilgani uchun ovqat buyurtma qilish... Oqibatda iyul oyidagi xarajatlarni ko‘rib, yig‘lab yuborgingiz keladi.
Ham to‘g‘ri ovqatlanish, ham pulni behuda sarflamaslik maqsadida o‘zim uchun MFA formulasini ishlab chiqdim: Mazali + Foydali + Arzon. U oddiy, lekin juda samarali. Agar har bir dasturxonda shu uch toifadan biri bo‘lsa — qorin ham, hamyon ham mamnun bo‘ladi.
Ko‘ngil uchun — mazali
Issiqda ishtaha yo‘qoladi. Lekin dasturxonda albatta bitta yorqin va yoqimli taom bo‘lishi shart. Aks holda, gazli ichimlik, muzqaymoq yoki qimmat gazaklarga pul sarflash xavfi ortadi.
Mazali taom qimmat emas, ko‘zni quvontiradigan bo‘lishi kerak. Masalan, suvlikkina tarvuz. Chilla boshida u qimmat turadi, lekin kechga yaqin bozorlarda narxlar tushadi va kichikroq, lekin shirin tarvuzni arzonroqqa olish mumkin. Qovun ham yaxshi tanlov, faqat uni to‘q qoringa yeyishni tavsiya qilmaymiz. Muzqaymoq yoki sovuq mevali salat ham mos keladi. Bularning barchasi hatto ko‘chada harorat 45 darajaga yetsa ham, yoz va bayram kayfiyatini yaratadi.



