Logistika sohasi allaqachon biznesni qo‘llab-quvvatlash doirasidan chiqib, kundalik hayotning bir qismiga aylangan. 2024-yilda yuk tashish hajmi 1,5 mlrd tonnadan oshdi va bu dinamika logistika sohasi mamlakat taraqqiyoti uchun strategik resursga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Ekspertlar bilan bugungi kunda logistika kompaniyalari qanday muammolarga duch kelayotgani va kelgusi yillarda sohada nimalar kutilayotgani haqida suhbatlashdik.
Ta’lim — rivojlanish sari yo‘l
O‘zbekiston logistika assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Akram Muhidov Markaziy Osiyo mamlakatlarida 2000-yillar boshida sohaning paydo bo‘lganini eslaydi:
Logistika va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siri haqida chuqur bilimlar deyarli yo‘q edi — ta’lim muassasalarida bunday narsalarni o‘rgatishmasdi. Bu, asosan, o‘sha paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti yetarli darajada rivojlanmagani, logistika xizmatlariga katta ehtiyoj yo‘qligi bilan bog‘liq edi. Hamkasblarim bilan respublikaning transport-logistika tarmog‘ini rivojlantirish uchun zamonaviy infratuzilma va shart-sharoitlar yaratish, milliy kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish kerak, degan xulosaga keldik.
Shunday qilib, logistika kompaniyalari uyushmasini yaratishga qaror qildik. 2009-yil O‘zbekistonda Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi birinchi Logistika assotsiatsiyasi paydo bo‘ldi.
Bugun esa bu soha haqida deyarli hamma eshitgan. Hatto marketpleyslardan o‘yinchoqlarni yetkazib berishga buyurtma bergan bolalar ham logistika bilan to‘qnashadi.












