Oʻzbekistonda omonatlarni kafolatlashga oid yangi qonun qabul qilindi. Mazkur hujjat omonatchilarning mablagʻlarini himoya qilish tizimiga qator muhim oʻzgarishlar kiritmoqda.
Omonatlarni kafolatlash tizimidagi asosiy oʻzgarishlar
Depozitlarni kafolatlash tizimi endi yanada kengroq doiradagi shaxslar uchun amal qiladi. Ilgari tizim faqat jismoniy shaxslarga taalluqli boʻlgan boʻlsa, endilikda yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarga ham tegishli bo‘ladi.
Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti direktori Sanjar Nosirovning soʻzlariga koʻra, bu kichik biznes uchun qo‘shimcha moliyaviy himoya yaratadi. Ayniqsa, bank faoliyatida moliyaviy muammolar yuzaga kelganda bu omil katta ahamiyat kasb etadi. 200 million soʻm miqdori bir qarashda unchalik katta boʻlib koʻrinmasligi mumkin, ammo kichik biznes uchun hatto shu hajmdagi kafolat ham juda muhimdir, chunki ularning kundalik operatsiyalari — kommunal xizmatlar uchun toʻlovlar, ish haqi toʻlash va boshqa xarajatlar bankda vaqtinchalik moliyaviy muammolar yuzaga kelsa ham himoyalangan boʻlishi kerak. U qonun nafaqat muddatli depozitlarga, balki yuridik shaxslarning hisob-kitob raqamlaridagi mablagʻlariga ham taalluqli ekanligini taʼkidladi.
Nosirovning fikricha, belgilangan 200 million soʻmlik norma omonatchilar oʻz omonatlari hajmini qisqartirishi kerakligini anglatmaydi. Qonun banklarni toʻliq summani toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi. Biroq yanada ishonchli boʻlish uchun omonatchilar mablagʻlarni bir nechta bank oʻrtasida taqsimlashlari mumkin. Masalan, har birida 150-170 million soʻmdan, bu esa aktivlarni qo‘shimcha darajada himoyalash imkonini beradi.
Kafolatlangan omonat miqdori inflyatsiya va iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda kamida uch yilda bir marta qayta koʻrib chiqiladi. Mutaxassislarning fikriga koʻra, joriy norma bank tizimidagi barcha omonatlarning 99,7 foizini himoya qilishni taʼminlaydi.







