Men musiqa tinglashni — rok, rep, fank va hatto klassikani ham yaxshi ko‘raman. Har kuni uydan chiqib, ofisga borayotganimda (bir soatlik yo‘l), quloqchinda doim yangi qo‘shiqlarni tinglab boraman. Lekin ancha vaqtdan beri vinil plastinkalarga o‘tishni xohlab yurardim: zo‘r-ku, lekin qimmatdir deb o‘ylardim. Ammo unday emas ekan. Bugun qanday qilib vinil tinglashga erishish va bunga ko‘p pul sarflamaslikni o‘rganamiz.
Plastinkalarim tarixi ajoyib sovg‘a bilan boshlandi — yaqin do‘stim tug‘ilgan kunimda kutilmaganda menga haqiqiy vinil pleyer sovg‘a qildi. Bundan qanchalik xursand bo‘lganimni so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Menga Denon DP-29F rusumli pleyer sovg‘a qilishdi. Toshkentda uni taxminan 200 AQSh dollariga topish mumkin. Mana uning ko‘rinishi:

Xo‘sh, endi plastinka sotib olib, unga qo‘ysam bo‘ldi, nihoyat «hamma uchun emas» bo‘lgan musiqani tinglashim mumkin. Ayni shunda men vinil pleyerlar haqida birinchi haqiqatni o‘zim uchun kashf etdim:
1-haqiqat Yaxshi pleyerlarda o‘rnatilgan karnay bo‘lmaydi. U o‘zi mustaqil ravishda musiqa chalib berolmaydi — alohida akustika qurilmasini sotib olish zarur.
Shu sababli, mening tungi stolchamda Marshall kompaniyasining Stanmore III kolonkasi paydo bo‘ldi. Hozirgi kunda uni taxminan 5 million so‘mga xarid qilish mumkin. Bu ancha mashhur model bo‘lib, uni deyarli har qanday onlayn savdo platformasida yoki maxsus musiqa do‘konlarida topish mumkin. Uning ko‘rinishi:




