Tasavvur qiling: uyg‘onib, bank ilovasini ochganingizda, sun’iy intellekt bugungi kun uchun rejalashtirgan daromad va xarajatlaringizni saralab qo‘yganini ko‘rasiz. U B&B’dagi nonushtangizga qancha sarf qilishingizni hisoblab chiqqan, mashinangizni keyingi ta’mirlash vaqtini oldindan aytgan va hatto 100 dollarni ikki barobar ko‘paytirish uchun qayerga tikishni ham tavsiya qilgan. Bu fantastika emas, haqiqat.
Sun’iy intellekt kundalik hayotimizga shiddat bilan kirib kelmoqda. Moliya sohasi esa keyingi yirik kirib kelish nuqtasi hisoblanadi. Xalqaro tadqiqot natijalariga ko‘ra, foydalanuvchilarning 86 foizi moliyaviy rejalashtirish uchun sun’iy intellektdan foydalanishga tayyor, 42 foizi esa allaqachon turli xil ko‘rinishdagi pulini unga ishonib topshirgan.
Lekin, robotni hamyoningizga ulashdan oldin, u qanday ishlashi, kimga yordam berishi, qanday xavflari borligi va qayerda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkinligini aniqlab olishingiz kerak.
Bo‘yinbog‘siz moliyaviy maslahatchingiz
Shaxsiy moliyaviy maslahatchi haqida o‘ylaganingizda, ko‘z oldingizga 40 ta slaydli taqdimot tayyorlab, kostyum kiygan erkak keladi. Sun’iy intellekt esa butunlay boshqacha: u sizning ilovangizda yashovchi algoritm. U sizga investitsiya portfelini tiqishtirmaydi, «noyob mahsulotlar»ni taklif qilmaydi, ipoteka to‘lovini unutib qo‘yganingizni aytganingizda yuzini burishtirmaydi.
U shunchaki odatlaringiz, pul o‘tkazmalaringiz va maqsadlaringizni tahlil qiladi. U siz bilan qancha ko‘p vaqt birga bo‘lsa, uning maslahatlari shuncha aniq bo‘ladi. Hozirning o‘zidayoq Z avlodi bu yondashuvning asosiy muxlislariga aylangan. 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning yarmidan ko‘pi o‘z pulini boshqarish uchun sun’iy intellekt vositalaridan foydalanishyapti. Buning sabablari oddiy: qulay, tez, «katta» ekspertlar bilan maslahatlashishni talab qilmaydi va ma’ruzalarsiz moliyaviy intizomni o‘rgatadi.











