Avvallari tanish-bilish orqali uy ijaraga olish oson edi. Yo qarindosh, yo qo'shnilarning biri o'g'lini pul topishga jo'natgandan keyin kamida ikki xonali uy bo'shab, ijarachilarni qidirishga tushishardi. Hozir esa aksincha — pul topish uchun O‘zbekistonga kelishyapti. Relokantlar, talabalar oqimi va biznesning rivojlanishi uy-joyga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Yaxshi tumanlardagi zo‘r variantlarni bir zumda talab ketishyapti. Raqobat, taqchillik va katta pul aylanayotgan joyda esa firibgarlarning paydo bo‘lishi muqarrar.
Biz ijaraga uy qidirib, firibgarlarga duch kelgan odamlarning hikoyalari bilan tanishdik hamda «Биржа метров» ko‘chmas mulk agentligi direktori Timur Nurmuhamedov va tajribali rieltor Ruslan Beysenbayev bilan suhbatlashdik. Ijara bozoridagi eng keng tarqalgan firibgarlik usullari haqidagi qo‘llanmamiz bilan bo‘lishamiz.
Bron qilish uchun garov kerak
Eldar, 33 yosh, solo-sayohatchi, Toshkentda uy qidirgan
OLX’da e’longa ko‘zim tushdi: Novza metrosi yonidagi studiya-kvartira, rasmda yangi ta’mirlangan, hamma jihozlari bor, narxi juda arzon — oyiga $350 ekan. Egasiga qo‘ng‘iroq qildim, u menga: «Aslida bir-ikkita ko‘radiganlar bor, lekin hoziroq garov bersangiz, sizga ijaraga beraman, kalitni kechqurun olib ketasiz», — dedi. Ishonib, 2 mln so‘m berdim... va shu bilan uy egasi qo‘ng‘iroqlarga javob bermay, yo‘q bo‘lib ketdi.














