Sentyabr yaqinlashgani sari, o‘quvchilarning ota-onalari xarajatlarga shay turishibdi. 2000-yillarda maktabda o‘qigan paytlarimda biz o‘quv qurollarini yozgi maktab yarmarkalaridan xarid qilardik. Kiyim-kechak izlab «Chorsu»ga borardik. «Ippodrom» yoki «O‘rikzor»ga ham borganmiz, lekin bir-ikki marta. Chunki bu bozorlar Yunusoboddan ancha uzoq edi. Vaqt o‘tib «Uch Qahramon» bozori paydo bo‘ldi — u yaqinroqda joylashgani uchun xaridlarimiz ham ancha osonlashdi.

Hozirda o‘sha maktab bozorlariga zamonaviy muqobillar paydo bo‘ldi: savdo markazlari, do‘konlar tarmoqlari (Korzinka, Makro, Magnum), mahalliy (Uzum, Express24) va xorijiy (Wildberries, Ozon) onlayn-bozorlar. Shunday bo‘lsa-da, katta bozorlar hamon gavjum. Men tanishlarimdan buyum va kanselyariya mahsulotlarini qayerdan sotib olishni ma’qul ko‘rishlari va maktab xaridlari uchun qancha sarflashlarini so‘rab chiqdim.
Birinchi marta — birinchi sinfga
Azizaning aytishicha, portfel va o‘quv qurollarini bolaga maktabning o‘zi sovg‘a qilinadi. Formaga kelsak, 2018-yildan beri yurtimizda yagona maktab formasini joriy etishga urinishmoqda, ammo hozirgacha buning natijasi ko‘rinmadi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Azamat Kamolovning ta’kidlashicha, bu yil ham har bir maktab, avvalgidek, talablarni o‘zi belgilaydi. Azizaning farzandlari boradigan maktabda o‘g‘il bolalar uchun forma: uchlik komplekt (ko‘k rangli kostyum, shim, nimcha), bo‘yinbog‘ va oq ko‘ylakdan iborat.











