Braziliya
Rio-de-Janeyroda Yangi yil — yorug‘lik va suv bayrami. Odamlar tinchlik va poklik ramzi bo‘lgan oq kiyim kiyishadi. Keyin, okeanga borib, dengiz malikasi bo‘lgan ma’buda Yemanjaga atab to‘lqinlarga gullar tashlashadi. Shu kecha Kopakabana sohilida 2 mln gacha odam to‘planadi. Raqslar, shampan va to‘lqinlardan yetti marta sakrash — omad chaqirish uchun bajariladigan majburiy rasm-rusumlar.
Meksika
Bu yerda Yangi yil hazilomus rasm-rusularga to‘la. Uyda chamadonlarni tayyorlab qo‘yishadi va yil sayohatlarga boy bo‘lsin, deb ular bilan butun kvartal bo‘ylab yugurishadi. Yana bu yerda 12 dona har xil navli uzum yeyishadi va har donasida bittadan tilak tilashadi. Ba’zilar esa puli ko‘p bo‘lishi uchun sariq kiyim kiyib olishadi. Meksikaliklar uchun bu bayram — hazil, ishonch va sehr bir-biriga aralashib ketadigan kun.

Afrika, Avstraliya va Okeaniya: quyosh, yomg‘ir va qadimiy urf-odatlar
Sayyoramiz janubida Yangi yilni jazirama quyosh ostida — yozning eng qizigan paytida kutib olishadi. Bu yerda na archa, na mandarin hidi bor. Qor o‘rniga yomg‘ir, olivye o‘rniga esa sohilda barbekyu. Soat zarbi ostidagi sokinlik o‘rnini esa qadim zamonlardan qolib ketgan nog‘ora-yu, raqs va qo‘shiqlar egallaydi.
Efiopiya
Efiopiya butun dunyodan ajralib turishga qaror qilgan, shuning uchun o‘zining shaxsiy kalendari bor. Bu kalendar odatdagi gregorian kalendaridan naq 7 yilga orqada. Shuning uchun dunyoning qolgan qismida 2025-yil kirganida, Efiopiyada endi 2018-yil kirgan bo‘ladi. Bu u yerda Filipp Kirkorovning «Цвет настроения синий» qo‘shig‘i endi-endi mashhur bo‘lib boryapti degani 😆
Bu yerda Enkutatash deb ataladigan Yangi yilni qishda emas, balki yomg‘irlar mavsumidan keyin, sentyabr oyida nishonlashadi. Enkutatash nafaqat yil boshini, balki tabiatning qayta uyg‘onishini ham bildiradi: tog‘lar gullarga burkanadi, havo esa yangi, nam tuproq hidiga to‘ladi.
Sahardanoq oppoq, milliy kashta tushirilgan ko‘ylak kiygan qizlar uyma-uy yurishadi, xalq qo‘shiqlarini kuylashadi va qo‘ni-qo‘shniga sariq margaritkadan guldastalar sovg‘a qilishadi — ular quyosh va yangi boshlanish ramzi hisoblanadi. Yana bir qiziq jihati shuki, Efiopiyada vaqt ham boshqacha hisoblanadi. Sutka tun yarmidan emas, balki quyosh chiqqan paytdan boshlanadi. Shuning uchun yangi kun haqiqiy ma’noda yorug‘lik bilan birga boshlanadi.

Janubiy Afrika
Efiopiya Yangi yilni sokin qo‘shiqlar bilan kutib olsa, Janubiy Afrika buni butun ovozda qiladi. Keyptaun va Durban shaharlarida Kaapse Klopse nomli shovqinli ko‘cha paradlari o‘tkaziladi — bu afrika, yevropa va karib an’analaridan aralashib kelgan rang-barang meros. Minglab musiqachilar yaltiroq kostyumlarda jazz, kalipso va nog‘ora ritmlarini ijro etib, ko‘chalarni o‘yin-kulgu ovozlari bilan to‘ldirishadi.
Avstraliya
Yevropada endigina shampan shishalari ochila boshlayotgan paytda, Sidneyda allaqachon sayyoradagi eng tomoshabop feyerverklardan biri osmonga otilib, shovqin-suron solishga ulguradi. Minglab salyutlar mashhur Harbor Bridge ko‘prigi va opera teatri ustidan osmonga ko‘tarilib, butun qo‘ltiqni yaltirab turgan olov dengiziga aylantiradi. Bu yerda bayram yoz mavsumida o‘tadi. Oilalar va do‘stlar plyajlarda to‘planishadi, piknik qilishadi, cho‘milishadi va tong otguncha voleybol o‘ynashadi. Ichki hududlarda, masalan, Elis-Springsda, archa o‘rniga kaktuslar yoki plastik palmalarni bezashadi, avstraliyalik Qorbobo esa ko‘pincha chana emas, balki serf doskasi, qayiq yoki hatto yong‘in mashinasida keladi.

Fiji
Orollarda Yangi yil — bu okean bo‘yida o‘tadigan, bir hafta davom etadigan tugamaydigan bayramlar. Mahalliy aholi Yer yuzida yangi yil tongini birinchilardan bo‘lib kutib oladi. Soat tungi o‘n ikkidan o‘tgach, hamma darrov suvga yuguradi: okeanga sakrash — o‘tgan yilning butun yomonlik va negativini yuvib tashlaydigan, baxt va omadga yo‘l ochadigan majburiy odat hisoblanadi.
Papua-Yangi Gvineya
Bu yerda vaqt go‘yoki to‘xtab qolgandek: ba’zi olis qishloqlarda hali ham Yangi yilni qadimiy urf-odatlar bo‘yicha kutib olishadi. Erkaklar yuzlarini oxra va cho‘g‘ kuyi bilan bo‘yashadi, sochlariga jannat qushlarining patlarini taqishadi va ajdodlar raqsini ijro etishadi — e’tiqodga ko‘ra, bu marosim yomg‘ir, mo‘l hosil va qabilani yomonlikdan asrashni ta’minlaydi. Ayollar esa shu paytda kelayotgan yil serhosil va tinch o‘tsin, deb xonadonlarni chig‘anoqlar, yong‘oqlar va gullar bilan bezashadi.
Papua-Yangi Gvineya
Bu yerda vaqt go‘yoki to‘xtab qolgandek: ba’zi olis qishloqlarda hali ham Yangi yilni qadimiy urf-odatlar bo‘yicha kutib olishadi. Erkaklar yuzlarini oxra va cho‘g‘ kuyi bilan bo‘yashadi, sochlariga jannat qushlarining patlarini taqishadi va ajdodlar raqsini ijro etishadi — e’tiqodga ko‘ra, bu marosim yomg‘ir, mo‘l hosil va qabilani yomonlikdan asrashni ta’minlaydi. Ayollar esa shu paytda kelayotgan yil serhosil va tinch o‘tsin, deb xonadonlarni chig‘anoqlar, yong‘oqlar va gullar bilan bezashadi.

Bitta sayyora — yangitdan boshlashning ming usuli
Turli qit’alar, turli din va kalendarlar, lekin ma’no bitta — yangilanish. Hamma odamlar o‘tmishini tozalashga, hayotiga yorug‘lik kiritishga, ovqat va mehrni boshqalar bilan bo‘lishishga intiladi. Shovqin — yomonlikni quvib yuborish uchun. Yorug‘lik — omadini chaqirish uchun. Dasturxon — mo‘l-ko‘llik belgisi. Va albatta, quchoqlashish va o‘pichlar — yangi yilga yolg‘iz kirmayotganimiz ramzi.
Soat ko‘rsatkichi tungi o‘n ikkiga kelganida, Edinburgda Auld Lang Syne yangraydi, Rioda osmonni feyerverklar yoritadi, Mexikoda esa chamadon g‘ildiraklari shovqini ko‘tariladi. Millionlab odamlar osmonga — har biri o‘z yulduzlariga va o‘z tilaklariga qarashadi.
Ana shu onlarda sayyora katta bir oilaga, Yangi yil esa tarjima talab qilmaydigan — hamma tushunadigan umid tiliga aylanadi.