Bu jadvalga kiyim va kosmetikani kiritmadim, chunki ikkalasi ham yetarlicha va har oy bunga pul sarflashim shart emas. Yangi jinsi bo‘lmasa ham bir amallab yashayman, lekin psixolog bilan muntazam ishlash men uchun muhim.
Endi har oygi xarajatlarimga qancha qoldirishim kerakligini ko‘zim bilan ko‘ryapman. Oyiga o‘rtacha $1 000–$1 200 topaman. Demak, qo‘limda $170–$370 qoladi. Endi gap bu pulni nimaga va qanday sarflashimda.

Maqsadni baholash: teskari rejalash usuli
Ba’zan orzuga shunchalik berilib ketamizki, o‘zi bu narsani uddalay olamanmi degan eng muhim savolni berishni unutib qo‘yamiz. Men ham ko‘p marta bu xatoni qilganman. Kam vaqt ichida kattagina summani yig‘ishni maqsad qilardim va bir necha oydan keyin bu shunchaki xomxayolligini tushunardim. Shunda teskari rejalash usulini kashf qildim. Mana u qanday ishlaydi:
- Maqsadni aniqlab, unga qancha pul kerakligini hisoblaymiz.
- Qachongacha erishmoqchi ekanimizni belgilaymiz.
- Kerakli summani o‘sha muddatdagi oylar soniga bo‘lamiz.
- Hozirgi daromadimiz bilan shuncha pulni muntazam yig‘a olishimizni baholaymiz.
Misol uchun bir xil muddatli, bir yilda erishiladigan 2 ta maqsadimni olaman:
- $2 000 lik ko‘rishni yaxshilash operatsiyasini qilmoqchiman.
- Toshkent viloyatidan $40 000 lik dala hovli olmoqchiman.
Summani bir yilga bo‘lamiz:
- $2 000 : 12 = oyiga $166.
- $40 000 : 12 = oyiga $3 333.
Oyiga $166 yig‘ish qo‘limdan keladi, yana bir yil ko‘zoynak taqib yurish ham unchalik qiyin emas. Demak, bu maqsadga erisha olaman.
Oyiga $3 333 esa nafaqat yig‘a olaman, shuncha pulni ishlab topa olmayman ham. Demak, dala hovlini bir yilda olish boshidan muvaffaqiyatsiz maqsad bo‘lgan. Daromadni oshirib, xarajatlarni kamaytirib, oyiga $333 yig‘ishni boshlasam ham, faqat 10 yildan keyingina bu pulni yig‘ib bo‘laman. O‘sha paytga borib bu uy menga kerak bo‘ladimi-yo‘qmi va shuncha qiynalib, pul yig‘ganimga arziydimi, bilmayman.

Teskari rejalash maqsadlarimizni real yoki yo‘qligini tekshirishga yordam beradi va hozir aynan nimaga tayyorligimizni ko‘rsatadi. Keyin esa pulni qanday yig‘ishni aniqlash kerak bo‘ladi. Va mana shu yerda keyingi usulga o‘tamiz.
Qanday yig‘ish kerak? Pay Yourself First usuli
Oy oxirida qolgan pulni yig‘ish noto‘g‘ri qaror ekanligini tushunganimda shu usulni kashf qildim. Frilanser bo‘lganim va daromadim barqaror bo‘lmagani uchun pul borligida sarflashga o‘rganib qolganman. Shuning uchun oy oxiriga kelib deyarli hech qachon pulim qolmaydi. Pay Yourself First usulini moliyaviy maslahatchilar frilanserlar va daromadi o‘zgarib turadigan odamlar uchun o‘ylab topishgan.
Bu qanday ishlaydi: qo‘lingizga pul tushishi bilanoq, birinchi navbatda maqsadlaringiz uchun ajrating. Shundan keyingina qolgan pulni boshqa xarajatlaringizga sarflang.
Tartibni o‘zgartirganimdan keyin xavotirim kamaydi. Pul oqib ketmaydigan bo‘ldi, maqsadlarim esa asta-sekin oldinga siljiy boshladi. Pay Yourself First avvalo o‘zingizga g‘amxo‘rlik qilishni talab qiladi. Lekin bu usul daromad o‘zgaruvchan bo‘lganda ham ishlashi uchun bizga yana bir vosita — proporsiyalar kerak bo‘ladi.

O‘zgaruvchan daromad bilan maqsadga qanday erishish mumkin? Proporsiya usuli
Daromad o‘zgarib tursa, aniq summalar bilan reja qilish qiyin. Odatdagidan 2 baravar ko‘p topgan oylarim ham, kamarimni mahkamlashga to‘g‘ri kelgan oylarim ham bo‘lgan. Shunda menga qat’iy, o‘zgarmas summalar umuman to‘g‘ri kelmas ekanligini tushundim. Proporsiya usuli ana shunday vaziyatlarda juda qo‘l keladi. U biznesda byudjet tuzishda anchadan beri ishlatiladi, frilanserlar esa uni soddaligi va moslashuvchanligi uchun yaxshi ko‘rib qabul qilishgan. Bu yerda biz summa emas, foiz belgilaymiz.
Bu qanday ishlaydi? Oldindan daromadning qaysi foizi nimaga ketishini aniqlab olamiz. Mening budjetimdan misol:
Daromad o‘zgarib turadi, foizlar esa o‘zgarmaydi. Eng yoqimli tomoni shuki, ko‘p daromadli oyda o‘zimni haddan tashqari ko‘p jamg‘arishga majburlab qo‘ymayman, yomon oyda esa progressim to‘xtab qolmaydi. Pay Yourself First bilan birga esa bu usul yanada yaxshiroq natija beradi.
Proporsiya usuli pul barqaror bo‘lmaganda ham byudjetning tuzilishini ushlab turishga yordam beradi. Endi qolgan narsa — progressni o‘lchashni o‘rganish.

Progressni qanday baholaymiz
Ilgari perfeksionist edim va «reja qilganimdek bo‘lmasa, demak eplay olmabman», deb o‘ylardim. Agar maqsadimga 100% pul yig‘olmasam, «vazifani bajara olmadim», deb o‘zimni koyirdim. Faqatgina vaqt o‘tib, bu yondashuv qilgan hamma harakatimni qadrsizlantirishini tushundim. Psixolog bilan ishlash jarayonida e’tiborimni natijadan jarayonga ko‘chirishni o‘rgandim. Bu shuni anglatadiki, men har qanday harakatni maqsad sari uzluksiz harakat deb ko‘raman, bunda faqat tezlik har xil bo‘ladi xolos. Bu yo‘lda to‘xtashlar ham, nafas rostlab olish ham bo‘ladi, ba’zan noto‘g‘ri burilishlar ham bo‘lib turadi. Va bularning hammasi yo‘lning bir qismi. Yaponlarda shunday bir hikmat bor: tez yurish uchun sekin, lekin to‘xtamasdan yuring.
Maqsad qo‘yganimda darhol kutilmagan holatlar uchun ham byudjet ajratib qo‘yaman. Ha, moliyaviy rejalash intizom talab qiladi. Lekin men tirik jonman. Bir yil davomida birorta ham rejasiz xarid qilmayman yoki butun yil davomida quvur yorilib ketmaydi, telefonim buzilib yoki tishim og‘rib qolmaydi deb kafolat bera olmayman. O‘zimni yeb bitirmaslik, o‘zimga bo‘lgan ishonchni so‘ndirmaslik uchun men bu xavflarni oldindan rejamga kiritib qo‘yaman. Shu sabab yil oxiridagi natijani ham faqat raqamlarda emas, foizlarda baholayman.
Bu qanday ishlaydi:
- Maqsadga yetdimmi-yo‘qmi deb emas, unga necha foiz yaqinlashganimni baholayman.
- Bajarilmagan foizni o‘zimni koyish uchun emas, balki oldinda nimani yaxshilash va o‘zgartirish mumkinligini ko‘rsatadigan ma’lumot sifatida qabul qilaman.

Bu yil kredit kartadagi qarzni rejamdagidek 100% emas, 40% yopdim. Oldin buni muvaffaqiyatsizlik deb hisoblagan bo‘lardim. Hozir esa bu — 40% muvaffaqiyat. Men progressni ko‘rdim, muddatlarni to‘g‘riladim va davom etdim. Bu men sinab ko‘rgan yondashuvlarim ichida eng sog‘lomi bo‘lib chiqdi. Biz faqat oxirgi nuqtani emas, harakatning o‘zini ko‘rsak, maqsadlar erisharli bo‘ladi, yo‘l esa ancha xotirjam o‘tadi.
Keyingi yildagi rejalarim
Nihoyat maqsadlarimni aniq va real qilib yoza oldim. Endi ular tepamdagi qora bulut bo‘lib osilib turmasdan, tushunarli yo‘l xaritasi kabi sezilyapti. Siz bilan ularni bo‘lishmoqchiman, balki o‘zingiznikini tuzishga yordam berar.
- Kredit kartadagi $800 lik qarzni yopish
Ilgari o‘zimga kam vaqt qo‘yardim. Bu safar esa doimiy tejamkorlik rejimida yashamaslik uchun har oy qancha ajrata olishimni aniqladim. Natijada shunday chiqdi: kredit kartadagi umumiy qarzim $800 bo‘lsa, yil davomida menga qulay temp — oyiga $82 ekan. Bu summani daromad qanday bo‘lishidan qat’i nazar beraman deb qaror qildim. Qarzni keyinga surish vasvasasi bo‘lmasligi uchun avto-to‘lovni yoqdim.
- Zaxiraning 50% ini tayyorlab qo‘yish
Mening zaxiram — 3 oylik ijara va mushuklarimga 3 oylik xarajat. Qolgan holatlarda, eng oxirgi chora sifatida, atrofimdagilardan yordam so‘rasam bo‘ladi.
Ijara: $300 × 3 = $900
Mushuklar xarajati: $50 × 3 = $150
Jami maqsadim — $1 050. Buni 2 yilga bo‘lsam, $525 chiqadi. Endi menda aniq raqam ham, nega aynan shu summa ekaniga tushunarli mantiq ham bor.
Daromadimning 5% ini yig‘ishga qaror qildim. Turli oyda $50–$60 bo‘ladi. Tezroq va ishonchliroq yig‘ish uchun 6 oylik AVO omonatini ochdim. Yil oxirigacha, daromad tebranib tursa ham, kamida $600 yig‘ib qo‘yaman. Yana omonat foizlari ham qo‘shiladi. Bu fikr qulay va foydali. Balki bu maqsadga rejalashtirganimdan tezroq erisharman. - Psixologiya bo‘yicha o‘qishga 30% yig‘ish
Bu katta va juda muhim maqsad. Karyeram ham, daromadim ham shunga bog‘liq. Oldin bunaqa vazifalar meni qo‘rqitardi — go‘yoki hammasiga birdan pul yig‘ish kerakdek tuyulardi. Hozir yondashuvim boshqacha: bir yil ichida ko‘tara olganimcha yig‘aman.
- O‘qishning to‘liq narxi — $2 500
- Yaqin bir yilga maqsadim — 30% yig‘ish, ya’ni $750

Bu vazifa ham SMART mezonlariga mos keladi: summa aniq, muddat tushunarli, qadamlar o‘lchanadi, zo‘riqmasdan bajarish mumkin, eng muhimi esa — moliyaviy real hayotimga mos.
Yil uchun yakuniy maqsad qo‘yish bo‘yicha chek-list
- Orzuni maqsad bilan adashtirmang.
Agar ertaga nima qilishni bilmasangiz — bu orzu. Maqsadni raqam, muddat va qadamlar bilan belgilab olish mumkin. - Hayotga obunangizni hisoblab oling.
Har oydagi majburiy xarajatlaringizni bilmasangiz, maqsadlar xomxayolga aylanib qoladi. - Maqsadni matematika bilan tekshiring.
Teskari rejalash nimani uddalay olishingizni, nimani esa keyinga qoldirishingizni darrov ko‘rsatadi. - Pul tushgan kuni ajratib qo‘ying.
Pay Yourself First: avval maqsadlar uchun ajrating, avto-to‘lovni yoqing. Aks holda yig‘ish uchun pul qolmaydi. - Daromad tebransa ham, foiz ushlab turadi.
Proporsiya usuli o‘zgaruvchan daromadda asqatadi: summa o‘zgarsa ham foiz o‘zgarmaydi. - Tez yurish uchun sekin, lekin to‘xtamasdan yuring.
Kutilmagan xarajat omadsizlik degani emas, balki yo‘lning odatiy qismi. Muhimi, to‘xtamang. - Har qanday natija — muvaffaqiyat sari qadam.
Progressni hamma narsaga erishish kerak degan fikr bilan emas, foizlarda baholang. - Eng yaxshi reja — erishishingiz mumkin bo‘lgan reja.
Qahramonlik qilmang. Instagramdagi kouchlarga emas, o‘z daromadingizga qarang.
Moliyaviy maqsad qo‘ying va xotirjam harakatlanishda davom eting. Yangi yilda barcha boshlagan ishlaringizga omad yor bo‘lsin!