Har kuni biz nimagadir pul ishlatamiz: transportga haq to‘laymiz, qahva sotib olamiz, do‘stlarga pul o‘tkazamiz. Pul hayotimizning ajralmas qismiga aylangan va u qanday paydo bo‘lganini ko‘pincha o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Aslida esa, insoniyat bir vaqtlar umuman pul ishlatmagan vva faqat mahsulotlarni almashish orqali savdo qilgan.
Xo‘sh, odamlar qanday qilib barterni tark etib, pul tizimiga o‘tgan?
Barter davri
Tasavvur qiling, siz qadimgi qishloqda yashaysiz. Kimdir bug‘doy o‘stiradi, kimdir kulolchilik bilan shug‘ullanadi, yana kimdir chorvachilik qiladi. Hamma o‘z mahsulotini bir-biriga almashtiradi: dehqon kulolga bug‘doy berib, evaziga sopol idish oladi. Bu usul «barter» deb atalgan va dastlab juda qulay bo‘lgan.
Ammo muammo shunda ediki, har doim ham sizning mahsulotingizni olishni istagan odam topilavermasdi. Masalan, sizga bolta kerak, lekin temirchi qo‘y olishni xohlamaydi. Unga tuz kerak, ammo sizda tuz yo‘q. Shunda uchinchi odamni topishingiz kerak bo‘lardi: u qo‘yingizni tuzga almashtiradi, siz esa tuzni boltaga almashtirasiz. Bu juda noqulay edi, shuning uchun odamlar hammaga birdek kerak bo‘ladigan umumiy to‘lov vositasini izlay boshladilar. Shunday qilib, taxminan miloddan avvalgi 3000-yillarda birinchi pullar paydo bo‘la boshladi.
Tangalarning paydo bo‘lishi
Haqiqiy inqilob miloddan avvalgi VII asrda sodir bo‘ldi. Lidiya (hozirgi Turkiya hududi) hududida birinchi oltin va kumush tangalar zarb qilindi. Ular ixcham, mustahkam va qalbakilashtirishning deyarli imkonsizligi sababli tezda ommalashdi. Tangalar ming yillar davomida asosiy to‘lov vositasi bo‘lib qoldi.








