Dunyo bo‘ylab ko‘pchilik insonlar bir xil o‘ylaydi: iPhone’ning texnik xususiyatlari uning yuqori narxiga mos emas, ammo odamlar baribir uni sotib olishda davom etmoqda. iPhone foydalanish uchun qulay va yaxshi kameraga ega. Kuchli protsessor va yaxshi batareya quvvati bilan taniqli.
Android flagmanlari bilan taqqoslaganda, iPhone kameralarida megapiksellar soni kamroq va yaqinlashtirish imkoniyati kuchsizroq, zaryadlanishi sekinroq, tezkor xotirasi ikki baravar kam, displey yorqinligi pastroq, shuningdek, qutisida zaryadlovchi qurilma yo‘q. Xo‘sh, unda nima uchun odamlar Apple logotipi tushirilgan smartfonlar uchun ortiqcha pul to‘lashga tayyor va ularni millionlab sotib olishda davom etmoqda?
Bu masalaga oydinlik kiritish, odamlarning fikrini so‘rash va o‘z xulosalarim bilan o‘rtoqlashishga qaror qildim.
Dunyodagi eng xaridorgir smartfon
Yil yakuniga ko‘ra, smartfonlar savdosi bo‘yicha turli hisobot va natijalarda Apple smartfonlari odatda barcha yuqori o‘rinlarni egallaydi, top-10 likni Samsung va ba’zida Xiaomi telefonlari bilan bo‘lishadi.
Masalan, 2023-yil avgust oyida Omdia tadqiqot kompaniyasi hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, birinchi yarim yillik davomida sotilgan qurilmalar soni bo‘yicha reytingning dastlabki to‘rtta o‘rnini iPhone’lar egallagan. Apple kompaniyasining o‘sha paytdagi eng qimmat smartfoni hisoblangan iPhone 14 Pro Max 26,5 million dona miqdorida sotilgan.











