Robot-changyutgichlarga uzoq vaqt ishonchsizlik bilan qaradim. Ularning burchaklarga yetib bormay qolishi, stul oyoqlari atrofidagi axlatni qoldirishi va doim divan tagida yo‘qolib qolishi haqida juda ko‘p eshitgandim. Lekin vaqt o‘tgan sari tozalashga vaqtim yo‘qligi, uyni esa asta-sekin chang bosib ketayotganini sezdim. Ayniqsa, uyda bolalar, uy hayvonlari va oq tokchalar bo‘lgani bunga qo‘shimcha bo‘ldi. Shunday qilib, nimaga pul to‘lash kerakligini tushunish maqsadida robot-changyutgichlar mavzusiga jiddiy kirishib ketdim.
Endi sizlarga dastlabki ikki tozalashdan keyin hafsalangizni pir qilmaydigan changyutgichni qanday tanlash, nimalarga e’tibor qaratish kerakligi va nima uchun arzon modellar ko‘pincha to‘ydagi mehmonlar kabi shovqini ko‘p-u, nafi kam bo‘lishi haqida batafsil tushuntirib beraman.
Uy toza bo‘lishi yoki bo‘lmasligi cho‘tkaga bog‘liq
E’tibor qaratish kerak bo‘lgan birinchi narsa — cho‘tkalarning tuzilishi. Ular juda xilma-xil bo‘lib, robotning divan ostidagi ushoqlarni tozalay olishi yoki gilamdagi barcha sochni yig‘ib olishi aynan shularga bog‘liq.
- Turbocho‘tka (cho‘tka + silikon) — gilamni yaxshi tozalaydi-yu, lekin sochlarni gilam bo‘ylab yoyib tashlaydi. Agar uyingizda momiqqina mushuk yoki uzun sochli kimdir bo‘lsa, keyinchalik bu sochlarni qaychi bilan qirqib, yig‘ib olishingizga to‘g‘ri keladi.












