O‘zbekistonning bank tizimi bugun 2020-yillar boshidagidan butunlay farq qiladi. So‘nggi 5 yil ichida u ham texnologiyalar, ham mijozlarning ishonchi nuqtayi nazaridan sezilarli taraqqiyotga erishdi. Endi biz filiallardagi navbatlar haqida emas, balki yangi mobil ilovalar va ovozli yordamchilar to‘g‘risida ko‘proq eshitayapmiz.
Bu jarayonda Markaziy bank o‘zining muhim rolini saqlab qolmoqda: u tizimning barqaror, halol va tushunarli ishlashini nazorat qiladi. Shu bilan birga, mijozlar huquqlarini himoya qilish kuchaytirilmoqda, moliyaviy savodxonlik rivojlantirilmoqda: odamlar bank mahsulotlarini tushunishni, kredit shartlarini diqqat bilan o‘qishni va firibgarlarning hiylalariga aldanib qolmaslikni o‘rganishmoqda.
Bugun bank orqali nima qilish mumkin?
Qisqacha aytganda — deyarli hamma narsa: to‘lov qilish, pul o‘tkazish, yig‘ish, investitsiya qilish, kredit olish va hatto moliyaviy mutaxassislar bilan maslahatlashish ham mumkin. Bularning barchasini uydan chiqmasdan qilishingiz mumkin.
Masalan, siz Buxoroda yashaysiz, ota-onangiz esa Nukusda. Ilgari ularga pulni bank bo‘limi orqali yuborishingiz kerak edi, endi esa ilovada bir necha tugmani bosish orqali qilasiz. Yoki ta’til uchun pul yig‘moqchisiz — maqsadni belgilaysiz, jamg‘arma hisobini ochasiz va ilovaning o‘zi avgust oyigacha ulgurish uchun har oyda qancha pul qo‘yish kerakligini ko‘rsatib beradi.
Hatto investitsiya qilish ham oson bo‘lib qoldi. Ilgari bu erishib bo‘lmaydigan narsa bo‘lib tuyulgan bo‘lsa, endi ko‘plab banklar atigi 100 000 so‘mdan 1 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorlar uchun tushunarli va qulay moliyaviy vositalarni taklif qilmoqda.









