Kompyuter o‘yinlari, ayniqsa do‘stlar davrasida, dam olishga yordam beradi — lekin CS 2 da bir necha o‘yin o‘tkazish yoki FC24 bo‘yicha turnirda qatnashish uchun ular bilan qayerda to‘planish mumkin? Bu haqda maqolada aytib o‘tamiz.
Men avvalgi maqolalarimda Counter Strike 2 ga qattiq bog‘lanib qolganimni ta’kidlagan edim — bu jamoaviy o‘yin (unda yakka tartibdagi rejim umuman yo‘q) va ayniqsa do‘stlar bilan yonma-yon o‘tirib o‘ynash juda qiziqarli. Buni faqat o‘yin klublarida amalga oshirish mumkin. Lekin buning salbiy tomoni ham bor: qaysi klub yaxshi, qayerda esa o‘yin dahshatli periferiya uskunalari va sekin internet bilan kurashga aylanishini bilish qiyin.
Bugun Toshkentdagi shaxsiy top joylarim haqida so‘zlab beraman — ularni narx, uskunalarning sifati, muhit, hamda oziq-ovqat va ichimliklarning mavjudligi kabi mezonlarga qarab baholayman.
MVP Food Mall
Ro‘yxatdagi birinchi klub Shahrisabz ko‘chasidagi yangi ovqatlanish markazining qoq o‘rtasida joylashgan ekan — uni do‘stlarim bilan mahalliy shaurma yegani kirganimizda tasodifan topib qoldim.
Bu klubning joylashuvini hisobga olsak, ovqat va ichimliklar masalasi o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi: kompyuterlardan 2 qadam narida eng xilma-xil taomlarga duch kelish mumkin — Tailand taomlaridan tortib oddiy lavashgacha. MVP ichida o‘zining kichkina mini-bari ham bor: gazaklar, ichimliklar va yengil tamaddilar bilan.
Klubning ichki qismi ham yoqimli taassurot qoldiradi: hatto hamma aralash o‘tirgan ommaviy zallarda ham o‘yindan zavqlanishga hech narsa xalal bermaydi. Men doim yaxshi odamlarga duch kelganman — hech kim baqirmaydi, so‘kinmaydi, quloqchinlar ham deyarli hech qanday shovqinni o‘tkazmaydi. Bunday joylarning an’anasiga ko‘ra, zal xiraroq, neon ranglar bilan bezatilgan.













