Jahon iqtisodiy forumining «Ish o‘rinlari kelajagi 2025» hisobotini o‘qib chiqdim. Ba’zi bashoratlar futuristik filmlar uzoq va amalga oshmaydigan bo‘lib tuyulgan bolaligimni eslatdi, ba’zilari esa biroz hayratga soldi.
Dunyo o‘zgaryapti va buni to‘xtatib bo‘lmaydi, shuning uchun unga moslashishga tayyorgarlik ko‘rgan ma’qul. Maqolada mehnat bozorini qanday kelajak kutayotganini ko‘rib chiqamiz.
Eski va yangi kasblar
Kasb sohasidagi o‘zgarishlar ilgari ham sodir bo‘lgan, lekin hozirgidek tezlik bilan emas. XX asrda yo‘qolib ketgan kasblarni olaylik. Bu nafaqat ekzotik chiroqchi yoki aravakash, balki ota-onalarimizga yaxshi tanish bo‘lgan telefonchi va mashinachi ayollar, hatto videoprokat xodimlari hamdir. 30 yoshdan oshgan har bir kishi DVD disklar va videokassetalarning ulkan to‘plamlarini eslaydi, ular striming xizmatlari paydo bo‘lishi bilan eski yodgorlikka aylandi.
Asta-sekin yo‘qolib borayotgan kamida bitta zamonaviy kasbni ishonch bilan aytish mumkin — supermarketdagi kassirlar. Va bu qayerdadir chet elda emas, Toshkentdagi yirik supermarketlar tarmog‘ida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish kassalari bor va bundan keyin ular faqat ko‘payadi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar paydo bo‘lishidan oldin xayolga ham kelmagan yangi SMM-menejerlar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq mutaxassisliklar to‘plami ham tez sur’atlar bilan paydo bo‘lmoqda.
Prognozlarga ko‘ra, hozirgi birinchi sinf o‘quvchilarining yarmidan ko‘pi hali mavjud bo‘lmagan kasblar bo‘yicha ishlaydi.





