Kambag‘al bo‘lib qolish qo‘rquvi, ehtimol, dunyodagi eng keng tarqalgan qo‘rquvlardan biridir. Hatto men ham bundan xavotirlanaman, shu sababli qo‘shimcha ish qidiraman, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtiraman va pulni tejashga harakat qilaman. Biroq, moliyaviy masalalarni yaxshi boshqarish va tashvishlardan qutulish uchun pul haqida to‘g‘ri fikrlashni bilish juda muhim. Bugungi suhbatimiz aynan shu mavzu haqida bo‘ladi.

Birinchidan, pul haqida haddan tashqari ko‘p o‘ylash sizning hayotingizga xalaqit berishi va oqilona qarorlar qabul qilishingizni qiyinlashtirishi mumkin. Buni isbotlaydigan ilmiy tadqiqotlar mavjud. Buning sababi shundaki, miyamiz «pul muammosi»ni hal qilishga e’tibor qaratadi va kundalik yoki ish vazifalarini samarali bajarish uchun oddiy resurslar yetishmay qoladi.
Bunday vaziyatda eng oson yechim — ko‘proq pul topish, jamg‘arish yoki ishlash bo‘lib ko‘rinadi. Biroq, bu hamma uchun ham to‘g‘ri kelmaydi: shaxsan men uchun ham bu usul foyda bermaydi.

Esimda, talaba bo‘lgan paytlarimda pul yetishmasligi tufayli ko‘p xavotirlanardim: ota-onam shartnoma to‘lovini to‘lashi, hatto oddiy narsalar (universitetda tushlik, yo‘l kira, yengil tamaddilar) uchun ham doim yetarli pul bo‘lmasligi, xarajatlarning hech bo‘lmaganda bir qismini qoplash uchun ish topa olmasligim meni qiynardi. Vaqt o‘tishi bilan, albatta, bu muammo hal bo‘ldi — hozir barqaror, anchagina yaxshi daromadim bor, ota-onam ham ancha vaqtdan beri xotirjam nafaqada, ozgina jamg‘armam ham yig‘ilib, saqlanib turibdi.










