Tejash har doim qiyin — hech bo‘lmaganda men uchun shunday. Negadir uzoq vaqt davomida jamg‘arilgan pullar menga «yo‘qdek» tuyulaverar edi, xuddiki, men ularni xavfsiz joyga qo‘ymasdan, qayergadir sarf qilib yuborgandek. Ma’lum bo‘lishicha, bunday his-tuyg‘uga faqat men duchor bo‘lmagan ekanman: odamlarning tejashga qiynalishining ko‘plab fiziologik sabablari bor ekan, shuningdek, bu muammoni yengish uchun foydali maslahatlar ham topdim.
Miyamiz hozir va shu yerda nimadir olishga o‘rganib qolgan. Aniqrog‘i, u har qanday holatda ham bu foydali deb ishonadi — ertaga nima bo‘lishini kim bilsin? Evolyutsiya jarayonida shunday bo‘lgan: biror narsani hoziroq yeyish, keyinroqqa saqlashdan ko‘ra muhimroq va zarurroq bo‘lgan. Bunday qoidalar bizga ming yillar oldin yashab qolishga yordam bergan bo‘lsa, bugungi kunda pul yig‘ishga to‘sqinlik qilmoqda.
Bu taajjublanarli emas: inson hayot tarzi faqat bir necha asr oldin keskin o‘zgardi, butun evolyutsiya miqyosida esa bu juda qisqa muddat — shuning uchun miyamiz hali moslasha olmayapti. Bu impulsiv xarid qilish mexanizmini miyamizning uchta qismi boshqaradi: yonma-yon joylashgan yadro, bodomsimon tana va orbitofrontal po‘stloq.

Bu qanday ishlashi quyidagicha: biz ajoyib, mazali yoki chiroyli narsani ko‘rganimizda, yondosh yadro faollashadi va bizga: «Kel, buni sotib olaylik, chunki uni xohlaymiz», deydi. Shu paytda bodomsimon tana ishga tushib: «Ha, juda zo‘r, lekin agar buni hozir sotib olsak, kommunal to‘lovlar uchun pulimiz yetmay qoladi va qarzga botamiz», deydi. Shundan so‘ng, orbitofrontal po‘stloq vaziyatni tahlil qilib, kim haqligini aniqlaydi — yondosh yadro yoki bodomsimon tana va bizga sotib olishga ruxsat beradi yoki taqiqlaydi.
Demak, ushbu sxemada yondosh yadroning vazifasi — vasvasaga solish, bodomsimon tananing vazifasi — xarid qilishdan voz kechishning oqilona sabablarini topish, orbitofrontal po‘stloqning vazifasi esa — hozir qanday katta lazzat olishimiz va buning uchun kelajakda qanday dahshatli oqibatlar kutayotganini hisobga olib, «hukm» chiqarishdir.










