Amerikaga borishni orzu qilasiz-u, viza olish qiyin bo‘ladi deb qo‘rqasizmi? Safarni ortga surmang. O‘tgan yili yanvardan sentyabrgacha AQShga qariyb 13 ming nafar o‘zbekistonlik borgan, ulardan 9 mingdan ko‘prog‘i sayyohlik vizasini olishgan.
Biz Sky Lux Travel sayyohlik agentligidan pasportga o‘sha orzudagi vizani qanday olish mumkinligini so‘rab surishtirdik. Endi siz bilan ham bo‘lishamiz.
Nimadan boshlash kerak?
Hujjatlarni faqat fuqaroligingiz bo‘lgan mamlakatda topshirishingiz mumkin. Shuning uchun O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsangiz yoki yashash guvohnomangiz bo‘lsa, faqat AQShning Toshkentdagi elchixonasida hujjatlarni topshirib, pasport olishingiz mumkin.
Mutaxassis Aida Bijumanovaning aytishicha, O‘zbekistonda eng mashhur viza turlari — sayyohlik, talaba va stajirovka vizalari. Lekin o‘zbekistonliklar eng ko‘p aynan sayyohlik vizasiga hujjat topshirishadi. Odatda u 1 yilga beriladi, lekin konsulda hujjatlar bo‘yicha savol tug‘ilsa, vizani 1 oyga ham berishi mumkin. Bunday holatda xafa bo‘lish kerak emas. Amerikadan qaytgandan keyin qayta hujjat topshirsangiz, katta ehtimol bilan bu safar 1 yilga tasdiqlashadi.











