Yaqinda boshqa shaharda yashaydigan jiyanim menikiga ko‘chib keldi. U anchadan beri Vogue bilan shug‘ullanar ekan va uyga kirar-kirmas: «Toshkentda qayerda mashg‘ulotlarimni davom ettirsam bo‘ladi?» — deb so‘radi.
Men o‘ylanib qoldim. Atrofimda ko‘pi bilan zumba yoki oddiy fitnes borligini bilardim, lekin Vogue yoki High Heels deganlarini hech eshitmagan ekanman.
Qiziqishim ustun keldi va surishtirishni boshladim. Axir, raqs — bu nafaqat sport, balki kayfiyat, ishonch va hayot tarzi. Ayniqsa, Vogue kabi yo‘nalishlar.
Studiyalarga o‘tishdan oldin bu yo‘nalishlar haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tsam:
Vogue 60-yillarda Nyu-Yorkdagi klub madaniyatidan kelib chiqqan. Unda improvizatsiya, podium yurishi va modalar jurnalidagi modellarga o‘xshash pozalar bo‘ladi. Heels esa — poshnali oyoq kiyimda ijro etiladigan raqs. Unda ayollik, nafislik va plastika ochiladi.
Biz jiyanim bilan Toshkentdagi bir nechta raqs studiyalariga kirib ko‘rdik va hozir ular haqidagi taassurotlarimiz bilan bo‘lishaman💃
FS WOMEN
Zallar keng, devorlarga oyna o‘rnatilgan. Poshnada sirpanib ketmaslik uchun polga qulay qoplama to‘shalgan.
Garderoblarda shkafchalar yetarli, hamma joy toza. Sinov darsida murabbiy yangi kelganlarga alohida e’tibor qaratib, pozalarni to‘g‘rilashga yordam beradi. Tajribasiz bo‘lsangiz ham o‘zingizni erkin his qilasiz. Individual darslar yo‘q, lekin guruh mashg‘ulotlarida hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. Studiyadagi muhit bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan ayollar klubini eslatadi.
Studiyada Fem Vogue, High Heels, Dancehall va Choreo yo‘nalishlariga yozilishingiz mumkin.










