Yangiobodni ko‘pchilik nochorlik, o‘g‘irlik, shovqin-suron va boshqa salbiy holatlar bilan bog‘liq joy deb hisoblaydi. Bu yerda siz sovet paytidagi universitetlaridagi teleskoplarni, Afg‘oniston urushida qatnashganlik uchun berilgan mukofotlarni yoki sobiq prezidentga hadya etilgan haykalchani topishingiz mumkin. Bozorning ko‘plab salbiy va noxush tomonlari bor, ammo men uchun bu alohida ahamiyatga ega joy. Men unda odamlarga yoqishi mumkin bo‘lgan ko‘plab narsalarni ko‘raman.
Insonlar
Yangiobodga qadam qo‘yganingizda, o‘zingizni boshqa davrga tushib qolgandek his etasiz va nostalgik tuyg‘ularga g‘arq bo‘lasiz. Bu nafaqat buyumlarda, balki odamlarning o‘zida ham ko‘rinadi. Ko‘pchilik sotuvchilar o‘z tarixiga ega bo‘lgan narsalarni sotishadi. Masalan, buyumlarning narxi past bo‘lishiga qaramay, ularga vaqt va ular bilan sodir bo‘lgan voqealar hisobiga qiymat beriladi.
Muhim eslatma: bozorning deyarli «lo‘li»lar egallagan «hudud» bor. U yerda suratga olishni qat’iyan maslahat bermayman. Bu odamlar shahar bo‘ylab turli keraksiz narsalarni terib, Yangiobodda sotishadi. Bu ularning eng katta savdo joyi. Ularning ahvoli esa ancha ayanchli. Hamma narsani yerga to‘shab, arzon-garovga sotishadi. Qishda, sovuq kunlarda, isinish uchun shu narsalarni o‘sha joyning o‘zida gulxan yoqishadi. Ular ortiqcha e’tiborni, ayniqsa kameralarni yoqtirmaydilar.












